<
 
 
 
 
×
>
You are viewing an archived web page, collected at the request of United Nations Educational, Scientific and Cultural Organization (UNESCO) using Archive-It. This page was captured on 11:15:28 Mar 15, 2022, and is part of the UNESCO collection. The information on this web page may be out of date. See All versions of this archived page.
Loading media information hide

Xorijiy tajribalar asosida vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan “Tarmoq kengashlari” mutaxassislarini malakasini oshirish” mavzusidagi xalqaro seminar-trening

17/11/2021

Joriy yilning 16-17-Sentyabr kunlari oliy taʼlim tizimida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida “Raqobatbardosh xodimlarni tayyorlashda taʼlim va mehnat bozori hamkorligi” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi. Seminar yakunida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va navbatdagi qadamlardan biri YUNESKO bilan hamkorlikda tarmoq kengashlari mutaxassislari uchun oʻquv seminarlarini tashkil etish belgilangan edi.

Yuqoridagi ishlarning uzviy davomida sifatida joriy yilning 17-Noyabr poytaxtimizdagi Turkistan Residence mehmonxonasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va YUNESKO tomonidan joriy etilayotgan “O’zbekistonning qishloq hududlarida ish bilan ta’minlash uchun ko’nikmalarni rivojlantirish” loyihasi doirasida “Tarmoq kengashlari mutaxassislari malakalarini oshirishda xorij tajribalari” mavzusida seminar trening bo’lib o’tmoqda. Tadbir YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Seminar xorijiy ekspertlar ishtirokida vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan 29 ta tarmoq kengashlari mutaxassislarining malakasini oshirishga yoʻnaltirilgan.

© SISQE

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda uzluksiz taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirishning milliy tizimi faoliyatini xorij tajribalari asosida takomillashtirish boʻyicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari toʻgʻrisida”gi 287-sonli qarori bilan ilk bor 8-darajali “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi” tasdiqlanib amaliyotga joriy etildi. Aynan ushbu hujjat mehnat bozori va taʼlim sohasini integratsiyalash vositasi boʻlib xizmat qilishi belgilangan. Oʻz oʻrnida Milliy malakalar ramkasining joriy etilishi – kasbiy standartlarni ishlab chiqish imkoniyatini yaratadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan davlat taʼlim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, barcha oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlarini kredit-modul tizimiga oʻtkazish xususida topshiriq berilgan edi. Shuningdek, oʻqitilayotgan fanlarni mazmunan qayta koʻrib chiqib, ortiqcha takrorlanishlarni qisqartirish, boʻshagan dars soatlari oʻrniga mutaxassislik fanlarini koʻpaytirish hamda talabalarga mustaqil ilmiy izlanish uchun imkoniyat yaratish kerakligi taʼkidlanib, oliy maʼlumot talab qiladigan kasblarni optimallashtirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur yangi kasblar bilan toʻldirish vazifasi qoʻyilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4939-son qarori ayni shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

© SISQE

Seminarda maʼruza qilgan xorijiy ekspertlar malakalarni baholash zaruriyati, professional standartlar uchun YUNESKO loyihasining kelajakdagi rejasi, tarmoq malaka kengashlarini tashkil qilishda xalqaro amaliyotlar haqida maʼlumot berishgan boʻlsa, milliy ekspertlar Oʻzbekistonda milliy malakalar doirasi kasblar, kasbiy standartlarning taʼlim sifatini taʼminlashdagi oʻrni haqida ishtirokchilar taqdimot oʻtib berishdi. Seminar yakunida 29 ta vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan tarmoq kengashlari mutaxassislarining oʻzlariga biriktirilgan yoʻnalishlarda kasbiy standartlarni ishlab chiqishda xorij tajribalardan keng foydalanish va bu boradagi ishlarni tizimli tashkil qilish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.